Ikkinchi xalqaro ekologik oromgoh
- Iyul 1, 2024
- Chop etilgan: admin
- Boʻlim: Yangiliklar
2024-yil 30-iyun kuni Xalqaro yoshlar festivali doirasida Materialshunoslik institutida Ikkinchi xalqaro ekologik oromgoh bo‘lib o‘tdi. Oromgoh Yoshlar agentligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi vazirliklari, “Zamin” xalqaro jamoat fondi, YUNICEF, BMTning Taraqqiyot Dasturi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan.
Oromgoh dasturi bo‘yicha ishtirokchilarga Materialshunoslik instituti ilmiy xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan «Yashil texnologiyalar» bo’yicha ma’lumotlar berildi. Bunda quyosh energiyasidan samarali foydalanish va «yashil vodorod texnologiyalari» bilan yaqindan tanishtirildi va qiziqarli ma’lumotlar berib o’tildi.
O‘zbekiston Prezidenti ekologiya va atrof-muhitni asrashda yoshlarning rolini muhimligini qayta-qayta ta’kidlab keladi. Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlaridan birida shunday ta’kidlagan edi: “Ekologiya – mamlakat barqaror rivojlanishining asosiy unsuridir. Atrof-muhitni muhofaza qilish nafaqat davlat, balki har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyati ekanligini yosh avlod ongiga singdirishimiz kerak. Yoshlar innovatsion yechimlarni taklif etib, ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan loyihalarda faol ishtirok etib, ekologik harakatlarning yetakchisi bo‘lishi kerak”.
Lagerning asosiy yoʻnalishi ikkita xalqaro loyiha: “Yosh iqlim chempionlari” xalqaro koʻngillilar tarmogʻini yaratish va ekologik madaniyatni targʻib qilish boʻyicha xalqaro platformani tashkil etish. “Yosh iqlim chempionlari” loyihasi Markaziy Osiyo va turkiy davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilib, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, iqlim o‘zgarishiga oid materiallar ishlab chiqish va turli ekologik tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan. Ekologik madaniyatni targ’ib qilish bo’yicha xalqaro platforma ishtirokchi mamlakatlarga ekologik kun tartibini ilgari surish va ekologik tadbirlarning yillik taqvimini yaratish bo’yicha qo’shma tadbirlar o’tkazish imkonini beradi.
Lager dasturi atrof-muhitga oid tashabbuslar, yashil startaplar, iqlim bo‘yicha kelishuvlarda yoshlar ishtiroki va xalqaro miqyosda iqlimiy yechimlarni amalga oshirish kabi keng ko‘lamli masalalarni qamrab oladi.
Oromgoh samarali mehnat va bilim almashish maydonchasiga aylanadi, shuningdek, ekologiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
