Katta Quyosh Sandoni

Katta Quyosh Sandoni (KQS) avtomatlashtirilgan boshqarish sistemasiga ega boʻlgan murakkab optik kompleks boʻlib, geliostat maydoni, paraboloid formasidagi konsentrator va texnologik minoradan iboratdir. Qurilmaning konsentratori yuqori va pastdan kesilgan va fokus masofasi 18 m boʻlgan paraboloid boʻlib, uning mideli 54×42 m oʻlchamga ega. U geliostat maydonidan optik oʻqiga paralel kelayogan quyosh nurlarini oʻz fokus zonasiga toʻplab beradi. Fokusda 10000 ta Quyosh aksini beradigan mujassamlangan quyosh nurlari oqimi hosil qilinadi.

Katta Quyosh Sandonining umumiy koʻrinishi.

Paraboloid konsentratorning nur qaytaruvchi sirti 214 ta paraboloid formasidagi blokdan tashkil topgan. Har bir blokda 50 tadan romb koʻrinishidagi nur qaytaruvchi oyna (fatseta) bor. Fatsetalarning egriligi 5 mm qalinlikdagi oynalarni deformatsiya qilish yoʻli bilan tayyorlanib, oʻlchamlari 45×45 smni tashkil qiladi. Fatsetalarning umumiy soni 10700 ta, umumiy yuzasi 2268 m2. Oynalarning nur qaytarish koeffitsiyenti 0,72, sirt xatoligi 3-4 minut. Paraboloidning optik oʻqi shimol-janub yoʻnalishida gorizontal joylashgan.

Geliostat maydonining vazifasi kun boʻyi konsentratorni uning optik oʻqi yoʻnalishidagi quyosh nurlari bilan toʻldirib turishdan iborat boʻlib, 62 ta geliostatdan tashkil topgan. Kun davomida geliostatlar quyoshning koʻrinma harakatiga mos holda harakat qilishadi. Har bir geliostat 7,5×6,5 m oʻlchamga ega boʻlib, qalinligi 6 mm boʻlgan 195 ta 50×50 sm oʻlchamdagi fatsetadan tashkil topgan. Fatsetalarning umumiy soni 12090 ta, yuzasi 3022 m2.

Konsentrator fokal tekisligida toʻplanadigan energiya zichligi taqsimotini oʻlchash yordamida qurilmaning umumiy optik-energetik xarakteristikasini aniqlash mumkin. Bunda kalorimetrik, radiometrik, fotometrik va texnikaviy koʻrish tizimi (TKT) uslublaridan foydalaniladi.

Katta Quyosh Sandoni konsentratori va geliostatlar maydonining old tarafdan koʻrinishi.

Kalorimetr uslubini qoʻllaganimizda fokusdagi nur oqimi zichligi taqsimotini absolyut qiymatlarda oʻlchash mumkin. Lekin bu uslubda oʻlchash katta xatolik (15-20 %) berishi bilan bir qatorda koʻp mehnat va vaqt talab qiladi. Radiometrik uslubni qoʻllash uchun radiometrni oldindan kalibrovka qilish kerak boʻladi, shuning uchun konsentrator fokal zonasidagi energiya taqsimotini tez va yuqori aniqlikda oʻlchash uchun TKT ishlab chiqilgan va KQSda doimiy ravishda foydalanib kelinadi. TKTning afzalliklari shundan iboratki, u sanoqli videokamera va zamonaviy komp’yuterlar bilan uzviy bogʻlangan. KQSning fokal zonasidagi energiya taqsimotini bir zumda (20 ms) komp’yuter xotirasiga joylaydi, natijalar maxsus algoritmik dasturlar yordamida tahlil qilinadi.

Olimlarimiz tomonidan yaratilgan Katta Quyosh Sandoni konsentratorini yustirovka qilishning yangi “linzasiz teleskop” (kamera obskur) usuli bir qancha afzalliklarga ega. Chunonchi, konsentrator nur qaytaruvchi yuzasi xolatini tez baholash, yustirovka yuqori aniqligi, fokusda nurlanganlikning oshishiga olib kelishi, yustirovka qilish vaqtining kamayishi kabi koʻrsatkichlarga ega.

 

 Katta Quyosh Sandoni

Hurmatli foydalanuvchi!

Agar sizni qiziqtirayotgan savollarga javob olmoqchi boʻlsangiz, info@imssolar.uz elektron pochta manzilimizga xabar yuboring yoki +998 70 722-53-00 raqamiga qoʻngʻiroq qiling.

Savollaringiz bo'lsa, iltimos, xabar qoldiring.