O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80-yilligi, Materialshunoslik institutining 30-yilligi munosabati bilan “Yangi materiallar va quyosh texnologiyalari” xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti tomonidan 15-16 may kunlari “Katta Quyosh Qurilmasi” noyob ilmiy obyektida “Yangi materiallar va quyosh texnologiyalari” xalqaro ilmiy konferensiyasi o‘tkazildi. Anjumanda, 12 mamlakatdan (Fransiya, Germaniya, Vengriya, Shveysariya, Italiya, AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston) tashrif buyurgan 30 nafar xorijiy olimlar va 100 nafardan ortiq O‘zbekistonlik olimlar ishtirok etdilar.

Yashil energetika texnologiyalari va materiallari, nanotexnologiyalar va nanomateriallar, xususiyatlari oldindan belgilanadigan materiallar yaratish, Qatta Quyosh Qurilmasidan xalqaro ilmiy tadqiqotlarda samarali foydalanish kabi dolzarb ilmiy masalalar anjuman ishtirokchilarining diqqat e’tiborida bo‘ldi. Jumladan, Dallasdagi Texas universiteti (AQSH) professori A.Zaxidov O‘zbekistondagi qurilmada nanotrubkalar va grafen ishlab chiqarish g‘oyasini ilgari surdi.

Drezden texnika Universiteti (Germaniya) professori Ralf Xeger qurilmada yuqori texnologik ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan karbon tolalarini mujassamlashgan quyosh nurlanishi vositasida yaratish ishlari boshlanganligi va “Yashil” karbon tolasini ancha arzon energiya va O‘zbekistonni mahalliy xom ashyosi – sellyuloza asosida ishlab chiqarish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish uchun xarakatlar boshlanganligi to‘g‘risida ma’ruza qildi.

Shuningdek, Xitoyning Fan va texnologiyalar universiteti professori Lov Materialshunoslik institutida mujassamlashgan quyosh nurlanishi yordamida suvni parchalab vodorod va kislorod olish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar natijalarini Xitoyning “Oyni o‘zlashtirish” dasturida qo‘llash masalasini muxokama qilishni taklif etdi.

Anjumanda Materialshunoslik instituti Janubiy Koreyaning Grafen Instituti (prof.S.Xong), Vengriyaning “ArchEnerg” klasteri (doktor Sharolta Nemesh) bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi.