Samarqandda MDH mamlakatlarining 6-xalqaro konferensiyasi ish boshladi

Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Fizika-Quyosh” ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti, Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Anjumanda MDH mamlakatlarining yetakchi universitetlari professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Yaponiya, Fransiya, Italiya, Xitoy, Shvetsiya universitetlaridan olimlar ishtirok etmoqda.

– Ushbu konferensiyaga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rdik, xalqaro zol-gel jamiyati bilan ko‘p bor muhokama qildik, – dedi Sankt-Peterburgdagi ITMO universiteti professori, kimyo fanlari doktori, xalqaro zol-gel jamiyati raislar kengashi a’zosi Vladimir Vinogradov. – Pandemiya sharoitiga qaramay, ushbu konferensiya masofaviy va an’anaviy tarzda tashkil etildi.

Biz hammamiz zol-gel sohasi bo‘yicha ish olib boramiz. Ishonamanki, ushbu anjuman ilmli va yetuk olimlarni yagona fan doirasida birlashtiradi. Alohida ta’kidlash kerakki, Samarqand ajoyib ob-havosi, go‘zal arxitekturasi va samimiy insonlari bilan menda chuqur taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Samarqand davlat universitetining ushbu konferensiyada faol ishtirok etayotgani tahsinga sazovor.

– Ushbu xalqaro konferensiya 2010 yilda ilk bor tashkil etilgan. Bugungacha Rossiya, Ukraina, Armaniston kabi davlatlarda bo‘lib o‘tdi. Kengashda bu safargi anjumanni O‘zbekistonda, ilm-ma’rifat markazi bo‘lmish Samarqandda o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Men Samarqand davlat universiteti talabalarining rus va ingliz tillaridagi ma’ruzalarini tingladim. O‘ylaymanki, aynan Samarqand uchinchi Renessans poydevori bo‘ladi. Bunda barcha yo‘nalishlar, aniq, tabiiy, ijtimoiy va boshqa fanlar birdek yuksaladi.

– Ko‘p yillardan buyon zol-gel texnologiyasi bilan shug‘ullanib kelaman. bugungi konferensiyani intiqlik bilan kutdik. Ushbu loyiha turli davlat olimlarini yagona g‘oya ostida birlashtirishi bilan muhim. Konferensiyaning Samarqandda o‘tkazilishi ushbu shaharning nafaqat O‘zbekiston, balki Yevrosiyo marvaridi ekanidan dalolat.

Biz shaharda yangi infratuzilma, ko‘plab tadbirkorlik ob’ektlari va yangi qurilishlarni ko‘rdik. Ayniqsa, konferensiyadagi muhit menda yorqin taassurot qoldirdi. Aynan Samarqand davlat universiteti tufayli biz shunday qizg‘in jarayonga guvoh bo‘lganimiz uchun tashkilotchilardan minnatdormiz.

– Samarqand davlat universiteti yana bir nufuzli anjumanga mezbonlik qilmoqda. Bu universitetimizning xalqaro maydondagi nufuzi kundan kun oshib borayotganidan dalolatdir.

bugungi konferensiya universitetimizda o‘tkazilishining muhim bir jihati sifatida fakultetimizdan uch nafar professor-o‘qituvchining doktorlik dissertatsiyasi aynan zol-gel mavzusiga taalluqli ekanini aytib o‘tish o‘rinlidir.

Anjuman 15 oktyabrgacha davom etadi.

Manba: Otabek Sa’dullayev, O‘zA