Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti Oʼzbekistonda yagona boʼlgan ilmiy qurilmada hamkorlikda tadqiqotlar olib borishga taklif etadi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi PQ-3365 sonli qarori doirasida Materialshunoslik institutiga GFR firmasi Linsayz (Linseis) tomonidan ishlab chiqarilgan – Differentsial skanerlovchi kalorimetr – Sinxron termoanalizator TGА/DSK/TG STA PT 1600/LT (Simultaneous thermal balance TG-DTA/DSC STA PT 1600/LT) o’rnatildi.

Qurilma, turli materiallarda entalpiya oʼzgarishlarini, issiqlik sigʼimini, erish nuqtasini, faza oʼtishlarini, temogravimetrik oʼzgarishlarni oʼlchash imkoniyatlarini beradi. Differentsial skanerlovchi kalorimetr yuqorida qayd etilgan parametrlarni minus haroratlardan 1600 gradus Sel’siygacha oʼlchashi mumkin. Qurilma ikkita pechga ega boʼlib, biri manfiy haroratlarda ishlash uchun moslashtirilgan kumush elementli, ikkinchisi esa karbid kremniy asosidagi yuqori haroratlarda ishlash imkonini beradi.

Turli spektrometrlarga mahsus qizdiruvchi qurilma orqali ulanish imkoniyati mavjud, bu reaksiya jarayonida ajralib chiqayotgan gazlarni real vaqtda tahlil qilish imkoniyatini beradi. Quyidagi spektrometrlar bilan ishlashi mumkin:

– mass-spektrometr;

– Fur’e IQ-spektrometri;

– xromato mass-spektrometr.

Qurilma 2 ta himoya gazi va 2 ta reaksion gazni nazoratli oqimini pechlar ichiga uzatishni taʼminlovchi uskunaga ega, bunda gazlarni jarayon oraligʼida, reaksiya jarayonida almashtirish imkoniyatlari mavjud. Gazni uzatish va nazorat qilish uskunadagi dastur orqali nazorat qilinadi.

Vakuumni taʼminlash tizimi mavjud, bu tezlik bilan toza atmosfera bilan taʼminlash va uskunani tozalash imkonini beradi, yana 4 m3/soat quvvatga ega va 10-2 mbar gacha vakuum olish imkonini beruvchi rotor nasosi mavjud.

Xulosa qilib aytganda, suyuqlik, kukun va qattiq jismlarda issiqlik sigʼimining haroratga bogʼliqligini, birinchi va ikkinchi tur faza oʼtishlarini, termogravimetriya va ental’piya oʼzgarishlarini -100 gradus dan 1600 gradus Sel’siygacha, turli gaz muhitlarida oʼlchashning ajoyib imkoniyati paydo boʼldi.

Ilmiy yoʼnalishlariga va izlanishlar sohasiga mos keluvchi ilmiy tashkilotlarni, olimlarni, doktorantlarni va yosh olimlarni Oʼzbekistondagi yagona boʼlgan Differentsial skanerlovchi kalorimetrda izlanishlar olib borish uchun hamkorlikka taklif etamiz.

Murojatlar uchun: Sh.Nurmatov – laboratoriya mudiri.

Tel.:+99895-515-15-85

E-mail: sh.nurmatov@imssolar.uz